Datacademy

Ommaviy oferta

Kurs sotib olish shartnomasi · Oxirgi tahrir: 2026-yil 28-avgust

Ushbu hujjat Datacademy platformasi (datacademy.uz) tomonidan e'lon qilingan rasmiy taklif — ommaviy ofertadir. Undagi shartlarni qabul qilgan (aksept qilgan) har bir jismoniy shaxs bilan onlayn kurslarni taqdim etish bo'yicha shartnoma tuzilgan hisoblanadi.

Eng muhimi

Kurs — bir marta to'lanadigan raqamli mahsulot. To'lov tasdiqlangan zahoti kurs materiallari sizga to'liq va umrbod ochiladi, ya'ni xizmat o'sha payting o'zida ko'rsatilgan hisoblanadi. Shu sababli to'langan mablag' qaytarilmaydi (5-bo'limdagi istisnolardan tashqari). Sotib olishdan oldin har kursning birinchi bo'limini bepul ochib, o'qitish uslubi sizga mos kelishini tekshiring.

1. Atamalar

  • Ijrochi — Datacademy platformasi egasi, onlayn kurslarni taqdim etuvchi tomon.
  • Foydalanuvchi — platformada ro'yxatdan o'tgan va kursni sotib olayotgan jismoniy shaxs.
  • Platforma — datacademy.uz manzilidagi veb-sayt va uning barcha bo'limlari.
  • Kurs — matnli darslar, amaliy mashqlar, avtomatik tekshiruv va sertifikatdan iborat raqamli o'quv mahsuloti.
  • Aksept — ushbu ofertani to'liq va so'zsiz qabul qilish: to'lov sahifasidagi rozilik katakchasini belgilash va to'lovni amalga oshirish.

2. Shartnoma predmeti

Ijrochi Foydalanuvchiga tanlangan kursga masofaviy, cheklanmagan muddatli kirish huquqini beradi; Foydalanuvchi esa buning uchun platformada ko'rsatilgan summani to'laydi.

Kurs o'z-o'zidan o'rganish (self-paced) formatida taqdim etiladi: shaxsiy mentor, jonli darslar, individual tekshiruv yoki ishga joylashtirish xizmatlari shartnoma predmetiga kirmaydi va alohida kelishilmagan bo'lsa ko'rsatilmaydi.

3. Ofertani aksept qilish

  1. Foydalanuvchi platformada ro'yxatdan o'tadi va kursni tanlaydi.
  2. To'lov sahifasida ushbu oferta bilan tanishib, rozilik katakchasini belgilaydi.
  3. To'lov tizimi orqali to'lovni amalga oshiradi.

Shartnoma to'lov muvaffaqiyatli o'tgan paytdan tuzilgan hisoblanadi va yozma shaklga tenglashtiriladi. Aksept vaqti Ijrochining ma'lumotlar bazasida qayd etiladi.

4. Narx va to'lov tartibi

  • Kurs narxi platformadagi tegishli sahifada O'zbekiston so'mida ko'rsatiladi va bir martalik hisoblanadi.
  • To'lov O'zbekiston Respublikasida faoliyat yurituvchi to'lov tizimlari orqali amalga oshiriladi. Karta ma'lumotlari Ijrochida saqlanmaydi.
  • Ijrochi narxlarni o'zgartirish huquqini saqlab qoladi; narx o'zgarishi allaqachon sotib olingan kurslarga ta'sir qilmaydi.
  • Aksiya yoki chegirma e'lon qilingan bo'lsa, to'lov aksiya amal qilgan paytdagi narx bo'yicha yakunlanadi.

5. To'langan mablag'ning qaytarilmasligi

Kurs — yetkazib berish zahoti to'liq iste'mol qilinishi mumkin bo'lgan raqamli kontent. To'lov tasdiqlanishi bilan materiallar cheklovsiz ochiladi va nusxa ko'chirib olinishi mumkin, shuning uchun xizmat ko'rsatilgan deb hisoblanadi.

Shu sababli to'lovdan keyin mablag' qaytarilmaydi va kurs boshqa kursga almashtirilmaydi. Bu, jumladan, quyidagi hollarga ham taalluqli: Foydalanuvchi kursni boshlamadi yoki tugatmadi; vaqt topa olmadi; kurs darajasi yoki mavzusi kutganidan farq qildi; fikri o'zgardi.

Mablag' faqat quyidagi hollarda qaytariladi:

  • texnik nosozlik yoki xatolik tufayli bir xil kurs uchun ikki marta to'lov o'tkazilgan bo'lsa — ortiqcha summa to'liq qaytariladi;
  • to'lov o'tgan, lekin Ijrochining aybi bilan kursga kirish ochilmagan va muammo murojaatdan keyin oqilona muddatda bartaraf etilmagan bo'lsa.

Bunday holatlarda Foydalanuvchi to'lov sanasi va summasini ko'rsatib aloqa sahifasi orqali murojaat qiladi. Ariza 10 ish kuni ichida ko'rib chiqiladi; asos tasdiqlansa, mablag' to'lov amalga oshirilgan usul orqali qaytariladi.

Har kursning birinchi bo'limi bepul ochiq — bu Foydalanuvchiga sotib olishdan oldin mahsulotni to'liq sinab ko'rish imkonini beradi.

6. Kursga kirish tartibi

  • Kurs to'lov tasdiqlangach avtomatik ochiladi (odatda bir necha daqiqada). Qo'lda tasdiqlanadigan to'lov usullarida bu ish vaqtida bir necha soat davom etishi mumkin.
  • Kirish muddatsiz: platforma ishlab turgan vaqt mobaynida kurs Foydalanuvchining hisobida ochiq qoladi.
  • Kursga keyinchalik qo'shiladigan yangi darslar qo'shimcha to'lovsiz ochiladi.
  • Ijrochi kurs mazmunini yaxshilash, darslarni yangilash yoki eskirganini almashtirish huquqini saqlab qoladi.

7. Tomonlarning huquq va majburiyatlari

Ijrochi majburdir:

  • to'lovdan keyin kursga kirishni ta'minlash;
  • platformaning uzluksiz ishlashi uchun oqilona choralar ko'rish;
  • Foydalanuvchi murojaatlarini ko'rib chiqish;
  • shaxsiy ma'lumotlarni maxfiylik siyosatiga muvofiq himoya qilish.

Foydalanuvchi majburdir:

  • ro'yxatdan o'tishda haqiqiy ma'lumot ko'rsatish;
  • hisobini uchinchi shaxslarga bermaslik — hisob shaxsiy, bitta hisobdan bir necha kishi foydalanishi taqiqlanadi;
  • kurs materiallarini nusxalamaslik, tarqatmaslik, sotmaslik va ommaviy joylashtirmaslik;
  • platforma ishiga xalaqit beruvchi harakatlardan tiyilish.

Ushbu majburiyatlar qo'pol buzilganda Ijrochi kursga kirishni to'lovni qaytarmasdan cheklash huquqiga ega.

8. Intellektual mulk

Kursning barcha materiallari — matnlar, mashqlar, yechimlar, dasturiy kod va dizayn — Ijrochiga tegishli va mualliflik huquqi bilan himoyalangan. Foydalanuvchiga faqat shaxsiy o'quv maqsadida foydalanish huquqi beriladi. Materiallarni qayta ishlab chiqarish, tarqatish yoki tijorat maqsadida ishlatish Ijrochining yozma roziligisiz taqiqlanadi.

9. Javobgarlik

Platforma «boricha» (as is) taqdim etiladi. Ijrochi bilim beradi, biroq Foydalanuvchining o'zlashtirish darajasi, ishga joylashishi yoki daromadi uchun javobgar emas — natija Foydalanuvchining mehnati va boshqa omillarga bog'liq.

Ijrochi uchinchi tomon xizmatlaridagi (to'lov tizimlari, hosting, internet-provayder) uzilishlar oqibatida yuzaga kelgan bilvosita zararlar uchun javobgar emas. Ijrochining javobgarligi har qanday holatda Foydalanuvchi to'lagan summa bilan cheklanadi.

10. Fors-major

Tomonlar tabiiy ofat, harbiy harakat, davlat organlari qarori, ommaviy internet uzilishi kabi favqulodda va oldini olib bo'lmaydigan holatlar tufayli majburiyatlarni bajarmaganlik uchun javobgar bo'lmaydi.

11. Nizolarni hal qilish

Tomonlar nizolarni muzokaralar yo'li bilan hal qilishga harakat qiladi. Da'vo aloqa sahifasidagi manzilga yuboriladi va 15 ish kuni ichida ko'rib chiqiladi. Kelishuv bo'lmasa, nizo O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq sud tartibida hal etiladi.

12. Yakuniy qoidalar

  • Oferta e'lon qilingan paytdan kuchga kiradi va yangi tahriri chiqqunga qadar amal qiladi.
  • Ijrochi ofertaga o'zgartirish kiritish huquqiga ega; o'zgarishlar shu sahifada e'lon qilinadi va e'lon qilingan paytdan kuchga kiradi. Allaqachon tuzilgan shartnomalarga eski tahrir qo'llaniladi.
  • Ushbu oferta foydalanish shartlari va maxfiylik siyosati bilan birgalikda qo'llaniladi.

13. Ijrochi rekvizitlari