Datacademy

Ko'p so'raladigan savollar

Javob topolmadingizmi? Biz bilan bog'laning — odatda bir ish kuni ichida javob beramiz.

O'qish jarayoni

Dasturlashni umuman bilmayman — boshlasam bo'ladimi?
Ha, kurslarimizning aksariyati noldan boshlanadi. «Python asoslari» yoki «AI bilan ishlash» kurslari hech qanday oldindan bilim talab qilmaydi — kerakli hamma narsa darslarning ichida bosqichma-bosqich tushuntiriladi.
Kompyuterimga biror narsa o'rnatishim kerakmi?
Yo'q. Kod to'g'ridan-to'g'ri brauzerda yoziladi va bajariladi — Python ham, SQL ham. Sizga faqat internet va zamonaviy brauzer (Chrome, Firefox, Edge) kerak. Telefonda ham ishlaydi, lekin kod yozish uchun kompyuter qulayroq.
Mashqni yecha olmasam nima qilaman?
Har mashqda uch bosqichli maslahat tizimi bor: avval yo'naltiruvchi turtki, keyin aniqroq yo'l-yo'riq, oxirida deyarli tayyor javob. Ikki marta xato qilsangiz birinchi maslahat ochiladi. Yechimni ko'rib yechsangiz ham dars davom etaveradi — faqat XP kamroq beriladi.
XP, streak va nishonlar nima?
Bular motivatsiya tizimi: har yechilgan mashq uchun XP (tajriba bali) olasiz, har kuni o'qisangiz streak (ketma-ket kunlar seriyasi) o'sadi, muhim marralarda esa nishonlar beriladi. Reyting sahifasida boshqa o'quvchilar bilan taqqoslanasiz.

To'lov va kirish

Kurslar qancha turadi va qanday sotib olinadi?
Har kurs alohida sotiladi — obuna yo'q, oylik to'lov yo'q. Bir marta to'laysiz va kurs umrbod sizniki bo'lib qoladi. Narxlar narxlar sahifasida.
Bepul sinab ko'rish mumkinmi?
Ha — har kursning birinchi bo'limi to'liq bepul, ro'yxatdan o'tish kifoya. Avval o'qitish uslubi sizga mos kelishini tekshiring, keyin qaror qiling.
To'lov qildim, lekin kurs ochilmadi — nima qilay?
Odatda kurs to'lovdan keyin bir necha daqiqada ochiladi. Agar ochilmasa, biz bilan bog'laning — to'lov vaqti va summasini yozsangiz, tezda hal qilamiz.
Kursga kirish muddati tugaydimi?
Yo'q. Sotib olingan kurs umrbod ochiq qoladi. Kursga keyinchalik yangi darslar qo'shilsa, ular ham sizga bepul ochiladi.

Sertifikat

Sertifikat qanday olinadi?
Kursning barcha darslarini yakunlaganingizda sertifikat avtomatik beriladi va profilingizda paydo bo'ladi. Alohida imtihon topshirish shart emas — butun kurs davomidagi mashqlaringiz shu imtihonning o'zi.
Sertifikat haqiqiyligini ish beruvchi qanday tekshiradi?
Har sertifikatning noyob seriya raqami bor (masalan, DA-2026-A7K3M2). Uni sertifikat tekshirish sahifasiga kiritgan istalgan kishi egasi, kursi va berilgan sanasini ko'ra oladi. Sertifikat sahifasining havolasini to'g'ridan-to'g'ri yuborish ham mumkin.

Texnik savollar

«Python muhiti yuklanmoqda» uzoq turib qoldi — nima qilay?
Birinchi ochilishda brauzer Python muhitini yuklab oladi — sekin internetda bu 10–20 soniya olishi mumkin, keyingi darslar ancha tez ochiladi. Juda uzoq tursa sahifani yangilang (F5). Muammo takrorlansa, boshqa brauzerda urinib ko'ring.
Progressim saqlanadimi? Boshqa qurilmadan kirsam-chi?
Ha, barcha progress (yechilgan mashqlar, XP, streak) hisobingizga bog'lanadi va serverda saqlanadi. Istalgan qurilmadan o'z hisobingiz bilan kirsangiz, qolgan joyingizdan davom etasiz.
Xato yoki taklifim bor — kimga yozay?
Aloqa sahifasi orqali yozing. Darsdagi xatolik haqida yozsangiz, dars nomini ham qo'shing — tezroq topib tuzatamiz.